Toshkentning «Inter Sport» futbol klubi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazish maqsadida Latviyaga yo‘l olgani haqida xabar bergandik.
22 sentyabrdan 23 sentyabrga o‘tar kechasi Toshkentdan yo‘lga chiqqan jamoa a’zolari kecha manzilga yetib kelishdi. «Inter Sport» delegasiyasi Latviya poytaxti Rigadan 65 km. uzoqlikdagi Tukums shahrida istiqomat qilmoqda. «Stelles» mehmonxonasiga joylashgan futbolchilar bugun xorij yig‘inidan o‘rin olgan ilk mashg‘ulotni o‘tkazishdi.

Tukumsda aholi soni unchalik ko‘p emas. Shahar tinch va ozoda. Ko‘chada odamlarni deyarli kam ko‘rasiz. Havo esa ajoyib. Biroz sovuq tushganini hisobga olmaganda ayni yig‘in va nazorat bahslari o‘tkazsa bo‘ladigan ob-havo. Tukums Latviyaning kurort shaharlaridan biri Yurmalaga nihoyatda yaqin.

Jamoa a’zolari bugun kunduzi shaharning shu nom bilan ataluvchi futbol klubiga qarashli maydonda mashg‘ulot olib bordi. Ma’lumot uchun, Tukumsning «Tukums 2000» futbol klubi hozirda birinchi ligada ishtirok etmoqda va 18 o‘yindan so‘ng 48 ochko to‘plagan holda musobaqa jadvalida peshqadamlik qilyapti. Bugun «Inter Sport» vakillari mana shu jamoaga qarshi dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishadi. O‘yin mahalliy vaqt bilan 20:00 (Toshkent vaqti bilan 22:00)da boshlanadi.

«Tukums 2000» jamoasi bosh murabbiyi Andrey Karlovich Lapsa Toshkentdan kelgan mehmonlarga maishiy va boshqa xizmatlar borasida qo‘ldan kelgancha yordam beryapti. Bir so‘z bilan aytganda, hech qanday muammo yo‘q. Aytish mumkinki, Latviyada klublar kelib yig‘in o‘tkazsa bo‘ladigan joylar ko‘p ekan. Qolaversa, o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun sparring raqib topish ham unchalik muammo emas.

Keyingi yildan Toshkent shahar ikkinchi ligasida ishtirok etishni maqsad qilayotgan «Inter Sport» Latviyaga 21 nafar futbolchi bilan yo‘l olgani haqida saytimiz orqali xabar bergandik. Quyida Dilshod Ibrohimov boshqaruvidagi futbolchilar ro‘yxatini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Darvozabonlar: Ubaydulla Inoyatillaev (08.10.1996), Akrom Xo‘jaev (10.01.1998), Sardor Tohirov (19.05.1997).

Himoyachilar: Behzod Abdullaev (10.05.1998), Saydullo Toshpo‘latov (17.09.1998), Suhrob Nashvanqulov (10.05.2001), Javlonbek Ne’matov (24.08.1998), Abdurahim Hamzaev (06.04.1996), Amirxon Ibrohimov (14.01.1996), Ikrom Ko‘chimov (05.11.1998), Muhammad Mahmudov (04.01.1999), Zahriddin Abduvaliev (31.12.1998).

Yarim himoyachilar: Asadbek Ro‘zimatov (12.01.2001), Eldor Kabirov (10.02.2000), G‘iyosiddin Sobirov (09.08.2000), Sardor Fozilov (25.06.2000), Sarvar Abdullaev (21.04.1996), Xayrullo Jakbarov (06.01.1994).

Hujumchilar: Bekzod Ro‘zmatov (01.06.1995), Azizbek Ro‘ziqulov (17.04.2000), Husan Rasulov (27.03.1998).

X.Xoliqov, Latviyaning Tukums shahridan.

 

Manba : championat.asia