Sekin-asta rivojlanib borayotgan «Inter Sport» sport kompaniyasi 1 iyun’ – Xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlab mini turnir tashkil etadi.

Mazkur turnir festival maqomida bo‘lib, unda 2011-2012 yilda tug‘ilgan futbolchilar ishtirok etadi va barcha o‘yinlar 31 may kuni bo‘lib o‘tadi. «Inter Cup» nomini olgan mazkur futbol festivalida Toshkentning beshta jamoasi qatnashadi. Ishtirokchi jamoalar: «Inter Sport», «Odil Junior», «Spartak», «JFL-Tashkent» va «Mega Sport». O‘yinlar O‘FA sun’iy maydonida 8:00-10:00 oralig‘ida bo‘lib o‘tadi.

O‘yinlar festival tartibida o‘tkazilishi bois bunda g‘olib va sovrindorlar aniqlanmaydi, balki barcha jamoalarga tashkilotchilar hamda homiylar tomonidan esdalik sovg‘alari taqdim etiladi. Maqsad esa yosh bolajonlarning futbol bilan yaqindan oshno tutinishini ta’minlashdir.

Ma’lumot uchun, «Inter Sport» asosan sportning futbol, basketbol va suzish turlariga ixtisoslashgan bo‘lib, 3 yoshdan bolakaylarni mazkur sport turlari bo‘yicha tayyorlay boshlaydi. Mazkur kompaniyaga o‘z vaqtida «Mash’al» va «Lokomotiv» klublaridagi mehnat faoliyati orqali futbol jamoatchiligiga yaxshi tanish bo‘lgan Erkin Saidov rahbarlik qilmoqda.