Toshkentning «Inter Sport» havaskorlar futbol klubi Latviyada o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.
Kecha jamoa a’zolari xorij yig‘inidan o‘rin olgan ikkinchi nazorat bahsini o‘tkazishdi. Birinchi o‘yin jamoa istiqomat qilayotgan Tukums shahrining «Tukums 2000» klubiga qarshi kechgani xabar bergandik. Ikkinchi uchrashuv Riganing «Yurnieks» jamoasi bilan o‘tkazildi.

«Inter Sport» «Yurnieks» bilan kuch sinashish maqsadida Latviya poytaxti Riga tomon yo‘lga chiqdi. Hozir bu yerda havo sovuq. Qish kirib kelmoqda. Yevropada qish kuz oylaridayoq boshlanadi. Buning ustiga deyarli har kuni yomg‘ir. Shamol tinmaydi. Hatto do‘l yog‘di. Riga Tukumsdan ko‘p uzoq emas, yengil mashinada bir soatlik yo‘l ekan. Avval ham yozib o‘tgandik, Latviya katta davlat emas. Umumiy aholisi bir yarim millionga ham bormaydi.

Endi ikki og‘iz raqib haqida. «Yurnieks» havaskorlar futbol klubi bo‘lib, Latviya ikkinchi ligasida ishtirok etadi. Ma’lumot uchun, Latviyada ikkinchi liga bahslari to‘rtta zonaga bo‘lingan holda o‘tkazilar ekan. Har bir zonada 6-10tadan jamoa bor. «Yurnieks» latish tilidan tarjima qilinganda «baliqchilar» ma’nosini beradi. Bu jamoa qatnashadigan zonada 10ta jamoa bor. O‘yinlar uy-mehmon tarzida tashkil etiladi. Bir yilda 18ta uchrashuv. Jamoa bosh murabbiyi Ivan Gospodar’ o‘yinlar soni kam deydi.

To‘g‘ri, o‘yin kam, lekin ikkinchi tomondan jamoadagi hamma faqat futbol o‘ynamaydi. Ular u-bu joyda ishlashadi. Lekin baribir futbolga ham professional munosabatda bo‘lishar ekan. Ikkinchi ligada legionerlarga cheklov yo‘q. Shu bois «Yurnieks» tarkibida Kolumbiya, Marokash, Braziliya, AQSh va hatto O‘zbekistondan futbolchilarni ko‘rasiz. Masalan, bizdan borgan yigit oldin «Oqtepa» va «Sherdor»da o‘ynagan ekan.

Futbolchilarning ko‘pchiligi asosan talablar. Ba’zilari faqat futbol o‘ynash maqsadida olis yurtlardan kelishgan. «Yurnieks»da maosh ham, mukofot pullari ham yo‘q. Bolalar tekinga o‘ynaydi. Maqsad – kuchliroq klublar e’tiboriga tushib boshqa jamoalarga yo‘l olish. Bu yerdan ko‘pchilik keyinchalik Germaniya, Pol’sha yoki Avstriyaga chiqib ketishni xohlaydi.

Ana endi o‘yin haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, maydon egalari tezkor gol kiritishdi. Bu paytda «Inter Sport» futbolchilari maydonga hali to‘liq moslashib ulgurishmagandi. Shunga qaramay, mehmonlar keyinchalik vaziyatni qo‘lga olishga harakat qilishdi. Lekin ha deganda to‘p darvozaga kirmadi. Birinchi taym 1:0 hisobida yakuniga yetdi. Ikkinchi taymda bizning futbolchilar ham gol urishni uddalashdi. Bu vaziyatda Husan Rasulov qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqarmadi. Hisob 1:1.

Oradan ko‘p o‘tmay hakam raqib darvozasi tomon penal’ti belgiladi. Chunki jarima maydonchasi ichida «Yurnieks» futbolchisi qoida buzgandi. Ammo nuqtaga yaqinlashgan Amirxon Ibrohimovga biroz omad yetishmadi. To‘pni darvozabon qaytarib qoldi. Sal o‘tib endi hakam «Inter Sport» darvozasiga penal’ti qo‘ydi. Lekin raqib futbolchisi ham 11 metrlik jarima zarbasini amalga oshira olmadi. Bu vaziyatda darvozabon Sardor Tohirov mahorat ko‘rsatdi.

O‘yin 1:1 hisobida yakuniga yetadigandek ko‘ringandi. Biroq «Inter Sport» futbolchilarining butun jamoa bo‘lib hujumga o‘tishi natijasida mehmonlar qarshi hujumga o‘tib ketishdi va gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu gol oxirgi daqiqalarda sodir bo‘ldi. Hisobni tenglashtirish uchun ozgina vaqt yetmay qoldi.

26 sentyabr’. Riga. O‘rtoqlik uchrashuvi

«Yurnieks» – «Inter Sport» 2:1
Gol: Husan Rasulov

«Inter Sport» tarkibi: Ubaydulla Inoyatillaev, Behzod Abdullaev, Saydullo Toshpo‘latov, G‘iyosiddin Sobirov, Zahriddin Abduvaliev, Amirxon Ibrohimov, Sarvar Abdullaev, Bekzod Ro‘zmatov, Xayrullo Jakbarov, Muhammad Mahmudov, Azizbek Ro‘ziqulov.

Zaxiradan tushganlar: Sardor Tohirov, Suhrob Nashvanqulov, Javlonbek Ne’matov, Abdurahim Hamzaev, Ikrom Ko‘chimov, Asadbek Ro‘zimatov, Eldor Kabirov, Husan Rasulov, Sardor Fozilov.

 

Manba : championat.asia