Yevropada o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini olib borayotgan Toshkentning «Inter Sport» havaskorlar futbol klubi uchinchi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi.
22 sentyabr’ kuni Toshkentdan yo‘lga chiqqan «Inter Sport» Litva poytaxti Vil’nyus orqali Latviyaga yo‘l olgandi. Jamoa a’zolari Latviyada ikkita o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishdi. Birinchi o‘yin Latviya birinchi ligasi vakili «Tukums 2000» jamoasiga qarshi, ikkinchi o‘yin esa ikkinchi liga jamoasi «Yurnieks» bilan bo‘ldi.

Rejaga ko‘ra uchinchi nazorat bahsi Litva oliy ligasi vakili (bu yerda A liga deyishadi) «Jal’giris Kaunas» klubiga qarshi kechdi. O‘zbekistondan tashrif buyurgan delegasiya Latviyada ikkita o‘yin o‘tkazib bo‘lganidan so‘ng 28 sentyabr’ kuni Tukumsdan Litvaning Kaunas shahri tomon yo‘l oldi. Avtobusda besh yarim soat yo‘l yurgach, o‘yin bo‘ladigan stadionga yetib keldik.

Litva oliy ligasida ikkita «Jal’giris» nomidagi klub qatnashadi. Bittasi mamlakat poytaxti Vil’nyus klubi bo‘lib turnir jadvalida birinchi o‘rinda boryapti. Ikkinchisi esa Kaunasning «Jal’giris» futbol klubi va bu jamoa beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Umuman olganda Litva chempionatida 8ta klub ishtirok etadi. Chempionatni o‘tkazish tartibi ham qiziq ekan.

Chempionat start olgach 8ta klub o‘zaro to‘rt davrali tizimda o‘ynaydi va bu 28 tur davom etadi. 28-tur yakuniga yetganidan so‘ng 8-o‘rinni olgan jamoa birinchi ligaga tushib ketadi. 7-o‘rindagi jamoa esa birinchi liganing ikkinchi klubi bilan o‘tish o‘yinida ishtirok etadi. Birinchi liga chempioni to‘g‘ridan-to‘g‘ri A ligaga chiqadi.

Chempionat shu bilan tugab qolmaydi. A ligadagi qolgan oltita klub yana beshta o‘yin o‘tkazadi. Faqat bunda 1-2-3 o‘rinni olgan klublar uyda uchta, safarda 2ta o‘yin o‘tkazishadi. 4-5-6 o‘rinlarni egallagan jamoalar esa aksincha uyda ikkita, safarda uchta uchrashuvda maydonga tushishadi. Shu tariqa kuchli oltilikka kirib olgan jamoalar bir yil ichida jami 33ta tur o‘tkazishadi.

«Inter Sport» bahs olib borgan «Jal’giris Kaunas»ga qarshi o‘yin raqib jamoaning asosiy maydonida kechdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yildan ushbu stadionda qayta ta’mirlash olib boriladi hamda barcha qurilish ishlari turklar tomonidan bajariladi. Yangi stadion foydalanishga topshirilgunga qadar jamoa o‘z bazasi yonidagi o‘yingohda o‘ynab turar ekan.

Kechagi o‘yin ham o‘ziga yarasha qiziq kechdi. Birinchi taymda har ikkala jamoada gol urish uchun qulay imkoniyatlar bo‘ldi, biroq darvozaga to‘p kiritish hech kimga nasib etmadi. Ikkinchi taymda esa bosh hakam «Inter Sport» darvozasi tomon shubhali penal’ti belgiladi. Bu vaziyatda darvozabon raqib o‘yinchisiga qo‘pollik qilmagandi, qolaversa narigi tomondagi futbolchi o‘yindan tashqari holatda turgandi. Penal’ti bo‘lishidan oldin litvaliklar gol urishdi, qanot hakami bayroqchasini ko‘tarib o‘yindan tashqari holatni qayd etdi. Bosh hakam esa yo‘q joydan penal’ti qo‘ydi. Xullas, tushunarsiz holat.

Shuni aytish joiz, ham Latviyada, ham Litvada o‘ynagan bo‘lsak, bu yerda hakamlar saviyasini yuqori deb bo‘lmaydi. Bundan tashqari, hakamlarning maydonda o‘zaro bir-birini tushunib harakat qilishi yo‘q. Hamma o‘z bilganicha qaror chiqaradi. Ba’zan bosh hakam boshqa narsa, qanotdagi yordamchisi boshqa narsa deydi. Balki oliy ligasida hakamlik yuqori darajadadir, lekin bizning o‘yinlarda hakamlarga mahorat va bir-birini tushunish yetishmasligi ko‘rinib qoldi.

Maydon egalari ikkinchi golni qarshi hujumda urishdi. Albatta, 0:1 hisobida yutqazayotgan jamoa bor e’tiborini hujumga qaratadi. Buning oqibatida esa himoyada bo‘shliq yuzaga kelishi mumkin. «Inter Sport» futbolchilari shunga o‘xshash holatda raqib hujumini o‘tkazib yuborishdi. Bu esa ikkinchi golga olib keldi. Shu tariqa o‘yin mezbonlarning g‘alabasi bilan yakun topdi. Shu bilan «Inter Sport»ning Yevropada tashkil etgan dastlabki yig‘ini o‘z nihoyasiga yetdi. Endi ertaga Qozog‘iston orqali uyga qaytamiz.

O‘rtoqlik uchrashuvi. Kaunas. 28 sentyabr’.

«Jal’giris Kaunas» – «Inter Sport» 2:0

«Inter Sport» tarkibi: Sardor Tohirov, Behzod Abdullaev, Abdurahim Hamzaev, Saydullo Toshpo‘latov, G‘iyosiddin Sobirov, Zahriddin Abduvaliev, Amirxon Ibrohimov, Sarvar Abdullaev, Bekzod Ro‘zmatov, Xayrullo Jakbarov, Husan Rasulov.

Zaxiradan tushganlar: Akrom Xo‘jaev, Suhrob Nashvanqulov, Javlonbek Ne’matov, Ikrom Ko‘chimov, Asadbek Ro‘zimatov, Eldor Kabirov, Sardor Fozilov, Muhammad Mahmudov, Azizbek Ro‘ziqulov.

Manba : championat.asia